23 va 24 dekabr kunlari Markaziy saylov komissiyasi joylardan okrug saylov komissiyalaridan kelib tushgan barcha yakuniy bayonnomalarni o‘rganib chiqdi, deya xabar qildi MSK raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov.

O‘rganish jarayonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining yakuniy bayonnomalari o‘rganib chiqilganda, 3 ta saylov okrugida saylov natijalarini aniqlash jarayonida arifmetik xatolikka yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Bular Samarqand viloyati 67-Pastdarg‘om saylv okrugi hamda Farg‘ona viloyati 102-Yaypan va 106-Bag‘dod saylov okruglaridir.

Xatolik saylov natijalarini hisoblash bilan bog‘liq bo‘lib, to‘plangan ovozlarni nomzodlar o‘rtasida foiz ko‘rinishida taqsimlashda sodir etilgan. Saylov kodeksining 96-moddasiga asosan saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Yuqorida qayd etilgan saylov okruglarida esa nomzodlarning birontasi ham yetarli miqdorda ovoz ololmagan. Shu sababdan mazkur okruglardan deputat saylanmadi.

Avval 22 ta saylov okrugida nomzodlarning birortasi ham saylanish uchun yetarli ovoz ololmagani xabar qilingan edi. Shunday qilib, aniqlangan xatolarni hisobga olgan holda 25 saylov okrugida takroriy saylovlar bo‘lib o‘tadi.