O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvda so‘zga chiqar ekan, mamlakatda ajrimlar darajasi yuqori ekaniga izoh berdi. Davlat rahbari yosh oilalar o‘rtasida ajrimlar unga tinchlik bermasligini ta’kidlab o‘tdi.
2019 yilning 11 oyi davomida mamlakatda 277 ming 420 ta nikoh qayd etilgan. Biroq 28 ming 755 ta oila, asosan yoshlar o‘rtasida ajrimlar yuz bergan. Prezident bu holatni «juda achinarli» deb atadi.
Uch yil ichida institutsional muammolarni hal etishga qaratilgan ko‘plab hujjatlar qabul qilindi, biroq ajrimlar darajasi o‘sishda davom etmoqda, dedi u.
«Xo‘sh, biz bu holatga qarshi qanday aniq choralar ko‘rayapmiz? Xotin-qizlar qo‘mitasi, „Oila“ ilmiy markazi, „Mahalla“ kengashi, „Nuroniy“ tashkiloti va Yoshlar ittifoqi oilaviy ajrimlarni kamaytirish uchun qanday samarali choralar qo‘llayapti?» — deb so‘radi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi «Oila» markazi, O‘zbekiston faxriylarining «Nuroniy» jamg‘armasi va boshqa mas’ul tashkilotlar ajrashayotgan nikohlar sonini kamaytirish bo‘yicha hech qanday choralar ko‘rmayapti.
«Bu yo‘nalishda ilmiy asoslangan tavsiyalar va yechimlar yo‘q… Hech kim tashabbus bilan chiqmaydi… Hokimlar paxta va bug‘doy yig‘im-terimi haqida qo‘shib yozib hisobot berishadi, bu boradagi ishlar to‘g‘risida ham hisobot berishsin», — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev «Yilning namunali yosh oilasi» respublika tanlovini 2020 yildan boshlab o‘tkazishni taklif qildi. Shuningdek, yosh oilalar o‘rtasida ajrimlarning oldini olish maqsadida Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» markazi, Respublika Mahallalar kengashi, «Nuroniy» faxriylaridan iborat «Faxriylar ibrati» maslahat kengashi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. «Bu kengash mahallalardagi yarashtirish komissiyalari hal qila olmayotgan muammoni sudga chiqarishdan oldin, yangi ta’sirchan bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi», — dedi davlat rahbari.
Prezident Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» markazi, «Nuroniy» va «Mahalla» jamg‘armalari rahbarlarini takliflar yo‘qligi, yarashtirish komissiyalarining samarasiz faoliyati uchun tanqid qildi va «agar ular aravani tortolmasa, lavozimlaridan bo‘shatilishi mumkin"ligini ma’lum qildi.
Prezident adolatli muhit va sodiq rahbarlar kerakligini, ular ajralish to‘g‘risidagi ish sudga taqdim etilayotganini shunchaki kuzatib turmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari yosh oilalarni uy-joy va ish bilan ta’minlash imkoni bo‘lmagan, ammo hozir vaziyat o‘zgarmoqda.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda nikohlar va ajrimlar soni mos ravishda 306,2 ming va 31,9 mingni, 2018 yilda esa 311,3 ming va 32,3 mingtani tashkil etgan.