Germaniyaning Kil shahri yaqinidagi fermer xo‘jaliklaridan birida shartnoma asosida amaliyot o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarosi R. X. 27 dekabr kuni balandlikdan qulab tushib vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati mamlakatning GFRdagi elchixonasi bergan ma’lumotga tayanib xabar qildi. R. X. o‘tgan yilning oktabr oyidan boshlab Germaniyadagi PRAXX jamiyatining maxsus dasturi doirasida malaka oshirayotgan edi.

Xabarda qayd etilishicha, mahalliy politsiya hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazib, baxtsiz hodisa yuz berganini tasdiqlagan.

31 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarosi N.X. TIV Konsullik bo‘limiga murojaat qilib, jiyani R.X.ning baxtsiz voqea oqibatida fojeali halok bo‘lganini xabar bergan.

Elchixonaning Konsullik bo‘limi qarindoshlar va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan birgalikda marhumning jasadini vatanga jo‘natishga oid konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etdi va Germaniya (Berlin, Brandenburg, Bremen, Quyi Saksoniya, Gamburg, Meklenburg-Old Pomeraniya, Saksoniya, Saksoniya-Anhalt, Shlezvig-Holshtayn, Turingiya), Shvetsiya, Shveysariya va Chexiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatning Berlindagi elchixonasiga +49−30−39−40−98−55, +49−30−39−40−98−30 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tdi.