O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 14 yanvar kuni Toshkentning Yashnobod tumanida dizayner va xoreograf Nariman Alimjanovning (Grigoryan, 1985 yilda tug‘ilgan) o‘limi tafsilotlarini e’lon qildi.

17 yanvar kuni qotillikda gumon qilingan shaxsning ushlangani va hibsga olingani haqida xabar berilgan edi. Unga Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha ayblov qo‘yildi.

Bosh prokuraturaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, tergov harakatlari jarayonida A. A. (1996 yilda tug‘ilgan) qotillikda gumon qilingan. Uning o‘z aybiga iqror bo‘lishicha, 13 yanvar kuni soat 9:00 atrofida u Nariman Alimjanovning pullarini qo‘lga kiritish maqsadida uydan chiqqan. U dizaynerga qo‘ng‘iroq qiladi va uyiga borish niyatida ekanini aytadi. O‘zi bilan esa bir litrlik idishda benzin va pichoq oladi.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, A. A. dizaynerni qasddan o‘ldirib, uning uyidan qurbonga tegishli bo‘lgan 625 dollar pul, ikkita iPhone smartfori, IQOS elektron sigareti, bir juft AirPods quloqchinlari, Captiva avtomobili kaliti, tan jarohatlari yetkazgan ikkita pichoqni olib ketgan. Qotillik izlarini yo‘qotish uchun A. A. Nariman Alimjanovning jasadi va kvartirasini benzin sepib yoqib yuboradi, so‘ngra eshikni qulflab ketadi.

Jinoyat ishi bo‘yicha hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, «Chigil» ko‘chasidan oqib o‘tuvchi «Qorasu» kanalidan 2 dona pichoq, A.A.ning yonidan 400 dollar va 1,06 mln so‘m pul mablag‘lari, 1 dona IQOS elektron sigaretasi va 1 juft Airpods quloqchini ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida sud tibbiy va daktiloskopiya ekspertizalari tayinlanib, ayblanuvchi A.A.ning ko‘rsatuvlarini hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish tergov harakatlari o‘tkazilib, A.A.ga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.