O‘zbekiston hukumati 2018-yil oktyabr oyidan boshlab Rossiya Ichki ishlar vazirligining chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazlaridagi 3323 fuqaroning o‘z uylariga qaytishlariga yordam berdi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Bu haqda 23-yanvar kuni jurnalistlarga O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi va qaytgan mehnat migrantlarning reintegratsiya dasturlari boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Isaqulov ma’lum qildi.

2018-yil sentyabr oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasining 19-yig‘ilishidan so‘ng, Rossiya chet ellik fuqarolarni vaqtinchalik markazlarida bo‘lgan 1500 nafar O‘zbekiston fuqarosini qaytarishda ko‘maklashish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Birinchi 71 kishi o‘sha yilning oktyabr oyidayoq qaytib keldi.

“[3323 kishidan] 2000 nafardan ko‘prog‘i — 2019-yilda. Bir yarim ming — bu biz to‘xtab qolgan raqam emas. Biz buni davom ettirmoqdamiz”, — dedi Dilmurod Isaqulov kelishuvlarning bajarilishiga izoh berar ekan.

Mehnat vazirligi vakili chet el fuqarolari Rossiya byudjeti hisobidan bunday markazlardan chiqarib yuborilishini eslatib o‘tdi. “Shu sababli biz ushbu mablag‘larni ajratish uchun har doim vaqt kerakligini tushunamiz”, dedi amaldor. U: “Biz fuqaromiz bir kun ham ortiqcha qolmasligini ta’minlashga harakat qilmoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi.

Sobiq mehnat vaziri Sherzod Kudbiyev avvalroq jurnalistlarga O‘zbekiston tomoni Rossiyaning istalgan joyidagi chet elliklarni saqlash markazlaridan o‘z fuqarolarini olib kelish uchun to‘liq hajmda moliyalashtirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi. Xususan, vazirlik hujjatlarini yo‘qotgan muhojirlarga respublikaning Rossiyadagi elchixonasi va bosh konsulxonalarida O‘zbekiston fuqaroligini tasdiqlash jarayonlari uchun to‘lovlarni o‘z hisobidan amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Hozirgi vaqtda 33 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan O‘zbekistondan tashqarida 2,5 millionga yaqin kishi, shu jumladan Rossiyada 2 millionga yaqin kishi ishlamoqda.