Joriy yilning 20-yanvaridan 24-yanvariga qadar SamAuto zavodi yangi avtomobillarni keltira boshladi. Birinchi turkum 9ta pikapdan iborat, deb xabar bermoqda kompaniya axborot xizmati.
2019-yilning noyabr oyida SamAuto kompaniyasi tomonidan ISUZU D-Max pikaplari taqdimoti o‘tkazilgan va oldindan buyurtmaning ochilishi haqida e’lon qilingandi. Avtomobillar 3ta modifikatsiya va 7ta rangda taqdim etilgan bo‘lib, narxi 270 milliondan 380 milliongacha so‘mni tashkil etadi.
Foto: Isuzu kompaniyasi axborot xizmati
Xaridorlar avtomobilning ikki qatorli kabina, 4 nafar yo‘lovchi o‘rindig‘i, hajmi 3 litrlik dvigatel va avtomatik uzatish qutisi bilan jihozlangan D-MAX IRBIS modifikatsiyasini afzal ko‘rishdi. D-MAX IRBISning yuk ko‘tarish qobiliyati 865 kilogrammni tashkil etadi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda pikaplar realizatsiyasi bilan Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarida joylashgan 8ta dilerlik markazlari shug‘ullanmoqda.