Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 98-maktab direktori N. Z. 800 dollar miqdorida pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan viloyat prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda N.Z. fuqaro D.U.ga o‘rta-maxsus ma’lumotli maqomini beruvchi qalbaki diplom tayyorlatib berish va uni ushbu maktabga laborant vazifasiga ishga qabul qilishni va’da qilgan. U 800 AQSH dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan N.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.