Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Ulug‘bek Qosimxo‘jayev boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan vazifasidan ozod qilindi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni bu haqdagi qarorni imzoladi, deya xabar berdi «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasi.
Ulug‘bek Qosimxo‘jayev (1978 yilda tug‘ilgan) 1997−2000 yillarda «Umid» prezident jamg‘armasi yo‘nalishi bo‘yicha Peys universitetida (AQSH) «Biznesni boshqarish» mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr tahsilini olgan.
O‘zbekistonga qaytgach, 2000−2002 yillarda Andijon viloyati hokimligida axborot-tahlil guruhi yetakchi mutaxassisi, so‘ngra 2002−2005 yillarda mutaxassis, keyinchalik Vazirlar Mahkamasida yetakchi mutaxassis bo‘lib ishlagan.
2005−2007 yillarda Barri universitetida (AQSH) magistraturada «Moliya» mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.
2007−2013 yillarda u Barri va Sunderbird (AQSH) universitetlarida dars bergan.
2008−2013 yillarda Amerikada mehmonxonalar kompaniyasi direktori bo‘lgan. 2013−2014 yillarda esa ko‘chmas mulk investitsiya kompaniyasida direktor bo‘lib ishlagan. 2014 yilda u AQSHda o‘z investitsiya kompaniyasini tashkil qildi.
2018 yilning yozida Ulug‘bek Qosimxo‘jayev O‘zbekistonga Turizm bo‘yicha davlat qo‘mitasida mas’ul lavozimga taklif qilindi va u mamlakatda turizmni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shdi.