Rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo prezident Tramp ma’muriyati Markaziy Osiyoga nisbatan yangi strategiyani ishlab chiqayotganini bildirdi. U bu haqda 3 fevral kuni Toshkentda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.
«Hamkasbim (Abdulaziz Komilov nazarda tutilmoqda — tahr.) va men kunning keyingi yarmida boshqa hamkasblarimiz bilan o‘tadigan C5+1 formatidagi muloqotni intiqlik bilan kutayapmiz. Ayniqsa, Tramp ma’muriyati Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyani e’lon qilish arafasida turibdi. Unda erkin, barqaror va farovon Markaziy Osiyo o‘zi istagandek, o‘zi tanlagan hamkorlar bilan o‘z manfaatlarini ilgari surishi nazarda tutiladi», — dedi Pompeo.
Amerikalik diplomatning aytishicha, oxirgi olti oy ichida ikkinchi marta o‘tkazilayotgan mazkur formatdagi muloqot yig‘ilishi turli masalalar qatori mintaqaviy xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash, iqtisodiy va energo hamkorlikda ham samarali bo‘lgani isbotlandi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirishi buni harakatlantiruvchi omil bo‘ldi.
AQSH davlat kotibi nutqi davomida Xitoyning Shinjon avtonom uyg‘ur respublikasida musulmon xalqlarning kommunistik partiya bosimida qolayotganini mintaqa tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari bilan muhokama qilishini ham aytdi.