2020 yilning uchinchi o‘n kunligida (21−31 yanvar) O‘zbekistonda sodir bo‘lgan 125 ta yo‘l-transport hodisasida 54 kishi halok bo‘ldi, 93 kishi turli darajada tan jarohatlari oldi. Bu haqda IIV YHXBB matbuot xizmati xabar qildi.
Piyodalar ishtirokida 55 ta, shu jumladan bolalar ishtirokida 12 ta YTH sodir bo‘lgan.
38 ta holatda avariyalarga piyodalarning yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tgani, 17 ta holatda esa haydovchi piyodani payqamay qolgani sabab bo‘lgan. 16 ta holatda YTH tezlikni me’yoridan oshirish sabab bo‘lgan bo‘lsa, 14 tasida — harakat yo‘nalishini o‘zgartirish, 11 tasida esa ob-havo sababli ko‘rish darajasi yomonlashgani avariyaga olib kelgan.
Toshkentda hisobot davrida 23 ta, Toshkent viloyatida — 16 ta, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida 12 tadan, Qashqadaryoda 10 ta YTH ro‘yxatga olingan.
Taqqoslash uchun: 1−10 yanvar kunlari mamlakatda 107 ta YTH qayd etilib, 35 kishi vafot etdi, 100 kishi jarohatlandi. 11−20 yanvar kunlari esa 141 ta YTH natijasida 25 kishi halok bo‘ldi, 148 kishi jarohat oldi.