«O‘zarxiv» agentligi tasarrufida bo‘lgan barcha hujjatlarning faqat 2−3 foizi raqamlashtirilgan. Ularning barchasini mavjud resurs va texnika yordamida raqamli ko‘rinishga o‘girish uchun 60 yildan ko‘p vaqt talab etiladi. Bu haqda agentlik direktori Ulug‘bek Yusupov «Gazeta.uz» muxbiriga ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, agentlikda 695 ming saqlov birligida hujjatlar raqamlashtirilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘ta qimmatli hujjatlar soniga nisbatan 8−9 foizni, barcha hujjatlarga nisbatan esa 2−3 foizni tashkil etadi.

«Har yili hujjatlar soni ko‘payadi, arxiv esa har doim kengayadi. Mazkur raqamlar 2019 yilda erishilgan natijalardan kelib chiqib, aytilmoqda. Hujjatlar bundan keyin ham ko‘payishini inobatga olsak, raqamlashtirish bo‘yicha foiz ko‘rsatkichi yana tushib ketadi», — deya qayd etdi Ulug‘bek Yusupov.

Direktorning aytishicha, saqlanayotgan ayrim hujjatlar, xususan shaxsiy tarkib hujjatlarida qo‘lda yozilgan qog‘ozlar juda ko‘p. Qolaversa, ko‘p hujjatlarni raqamlashtirishdan samara va manfaatdorlik yuqori bo‘lmaydi.

«Birinchi navbatda, tizimning o‘zini raqamlashtirish lozim. Fuqarolar arxiv xizmatidan foydalanish uchun markazga kelib yurishi o‘rniga, ma’lumotlarni idoralararo almashinuvini yo‘lga qo‘yamiz. Masalan, shaxsiy tarkib hujjatlarini raqamlashtirish katta mablag‘, vaqt va mehnat talab etadi. Ushbu hujjatlar 75 yil saqlanadi, ammo tajribada bir marta murojaat qilinadi», — dedi u.

Arxiv hujjatlarini raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish uchun tegishli idora va tashkilotlar o‘z faoliyatiga doir hujjatlarni raqamlashtirib bormoqda. Qolaversa, umumiy manfaatlarga muvofiq keluvchi hujjatlarni raqamlashtirish ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi.