18 fevral kuni Toshkentda «O‘zbekiston Respublikasida davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichi, mamlakatni demokratik modernizatsiyalashda parlament va hokimiyat vakillik organlarining rolini oshirish» mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, «Yuksalish» umummilliy harakati hamda Konrad Adenauer fondining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. «Gazeta.uz» muxbiri anjumanni to‘liq kuzatib, undagi asosiy fikrlarni bir maqolaga jamladi.

Norboyevaning harakatlar rejasi

Anjumanda kirish so‘zini o‘qib eshittirgan Senat raisi Tanzila Norboyeva parlament oldida turgan asosiy vazifalarga to‘xtaldi. Uning aytishicha, bugungi zamon talablariga javob beradigan qonunlarni qabul qilish, ularning hayotga tatbiq etilishini ta’minlash parlament zimmasidagi asosiy vazifa bo‘ladi. Shuningdek, parlament nazorati institutini takomillashtirish, ijro organlarining javobgarligi, mas’uliyatini oshirish Senatning birlamchi vazifasidir.

Foto: Alisher Ro‘zioxunov / «Gazeta.uz».

«Shu o‘rinda mahalliy kengash deputatlarining faolligini oshirish bugungi kunning talabi ekanligini ham hech kim inkor eta olmaydi. Bugun mahalliy kengashlarga saylangan 6570 nafar deputatlar bilan Senat hamkorlikda faoliyat ko‘rsatish mexanizmlarini ishlab chiqdi. Deputatlarning salohiyatini oshirish yuzasidan doimiy ishlaydigan maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi. Barcha tuman va shaharlarda deputatlar xonasi, senatorlar xonasi tashkil etildi», — dedi senator Norboyeva.

Deputatlar va «Yuksalish» harakatining monitoring guruhlari

Ishtirokchilar diqqat markazida bo‘lgan yana bir masala — siyosiy tizimni modernizatsiyalash sharoitida parlament nazorati samaradorligini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Bu borada xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari va «Yuksalish» harakatining hududiy bo‘linmalari xodimlari va ekspertlaridan iborat doimiy faoliyat olib boruvchi viloyat hokimi tomonidan tasdiqlanadigan monitoring guruhi tuzib, prezident murojaatnomasi hamda Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida amalga oshirish uchun tasdiqlanadigan davlat dasturining bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring tadbirlari o‘tkazib, har oyda Senatga axborot va takliflar kiritish muhimligi ta’kidlandi.

Parlamentdan xoli bo‘lgan xavfsizlik va tashqi siyosat masalasi

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning ta’kidlashicha, qonunlar xalq manfaatini qanchalik himoya qilishiga e’tiborni qaratish lozim. Ularni qabul qilishda yetuk ekspert va soha vakillari fikriga quloq tutish lozim.

«Senat qo‘mitalari qoshida ekspertlar kengashi tuzilmoqda. Demak, parlamentning analitik salohiyatini belgilash — eng dolzarb masalalardan biri… Har bir qonunni qabul qilishda, uning kelajakda samarali ishlash mexanizmi haqida tasavvurga ega bo‘lishimiz lozim. Menimcha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni keng joriy etish vaqti keldi», — deya qayd etdi senator.

Uning aytishicha, ilgari xavfsizlik va tashqi siyosat masalalari to‘laligicha ijro hokimiyati izmida bo‘lgan. Endilikda parlament ishtirokisiz bu sohadagi faoliyat samarali bo‘lolmasligi tan olindi.

Qonun ustuvorligi va korrupsiya

Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning bildirishicha, jarayonlar ketidan paydo bo‘layotgan hisobot emas, natija aholini qiziqtirmoqda. Shu tufayli, ijro hokimiyatining faoliyatidan asosiy muddao natijaga qaratilishi kerak, deb hisoblaydi u.

«Iqtisodiy islohot qilmoqchi bo‘lsak-da, qonun ustuvorligini ta’minlash muhim vazifa bo‘ladi. Ya’ni hech qaysi sohada qonun ustuvorligini ta’minlamay, ko‘zlangan natijaga erishmaymiz. Bu beshinchi darajadagi masala emas, balki birinchi darajadagi qadriyatga aylanishi lozim», — deya fikr bildirdi vazir.

Adliya vaziri korrupsiya omiliga «jamiyatning eng katta yemiruvchisi» deya baho berdi. Unga qarshi yuqori minbardan ochiq siyosiy iroda bildirilmoqda, dedi Ruslanbek Davletov.

Foto: Alisher Ro‘zioxunov / «Gazeta.uz»

«Umuman aytganda, O‘zbekistonni ilgariga suradigan omil faqat institutlar, institutlar va, yana, institutlar bo‘ladi. Inson omiliga, shaxsga bog‘lanmaydigan, tashqi ta’sirga berilmaydigan, ko‘rinmaydigan munosabatlari qonunlar asosida tartibga solinadigan institutlar O‘zbekistonimizni rivojlantiradi», — dedi vazir.

Ruslanbek Davletov so‘zida mahalliy kengash deputatlari shijoati jamiyat kutilmasiga mos kelmasligini tan olib, qayd etdi. Garchi u hududlardagi deputatlarning turg‘un faoliyatiga sabab bo‘luvchi omillarni ochiqlamagan bo‘lsa-da, kengashga raislik qilish va ijro hokimiyatining kengashga ta’siri kuchli ekaniga sha’ma qildi.

Anjuman ishtirokchilari tadbir so‘nggida Parlament muvofiqlashtiruvchi komissiyasini tashkil etish bo‘yicha tavsiyasini bildirdi. Uning vazifalari etib, quyidagilar belgilanishi nazarda tutilgan:

  • jamiyat hayotining barcha sohalarida ishlab chiqiladigan qonun loyihalarini ommaviy muhokamalarini tashkil etish, ularning o‘z vaqtida qabul qilinishi va ijrosi ustidan nazorat ishlarini muvofiqlashtirish;
  • dasturlar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish ishlarini muvofiqlashtirish;
  • Senat va Qonunchilik palatasining mahalliy kengashlar bilan hamkorligini yanada kuchaytirish, mahalliy Kengashlar deputatlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish ishlarini muvofiqlashtirish;
  • raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida ijro hokimiyati tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ustidan samarali parlament nazoratini muvofiqlashtirish;
  • jamiyat hayotida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar ustidan parlament nazoratini muvofiqlashtirish;
  • BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlari ijrosini nazorat qilish jarayonida parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari rolini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
  • xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishda parlamentning rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan Parlament diplomatiyasi konsepsiyasi doirasida amalga oshiriladigan ishlarni muvofiqlashtirish.

Shuningdek, biznes-ombudsman, deputatlar va jamoatchilik ishtirokida tadbirkorlar bilan muntazam muloqot qilishni ta’minlash hamda ularga ko‘mak berish vazifalari qo‘yildi.