21 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev joriy yil Toshkentda amalga oshiriladigan qurilish va ijtimoiy loyihalar bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Bektemir tumanining «Majnuntol», «Bektemir», «Oltin topgan», «Binokor» mahallalari, Husayn Boyqaro, Ziroat ko‘chalari bo‘ylab umumiy uzunligi qariyb 18 ming pogon metr yangi ichimlik suvi quvurlari o‘rnatilishi mo‘ljallangan. Buning natijasida 6,8 mingdan ortiq aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, poytaxt bo‘ylab markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 100 foizga yetkaziladi.
Toshkent shahridagi «Bo‘zsu» va «Salar» suv tozalash inshootlarini quvvatini sutkasiga 200 ming metr kubga oshirish rejalashtirilgan.
Toshkent shahrida bugungi kunda 1564 ko‘p qavatli uylarda aholiga 5001 ta lift xizmat ko‘rsatmoqda. Mavjud liftlarning 3343 tasi muddatini o‘tab bo‘lgan. Oxirgi 4 yilda 572 ta lift yangilandi.
Prezidentimizning Uchtepa tumaniga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga muvofiq 697 ta liftni yangilash ko‘zda tutilgan. Yiliga 700 tadan lift yangilansa, yaqin 5 yilda poytaxtdagi muddatini o‘tab bo‘lgan liftlarning barchasini almashtirishga erishiladi.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylarga tutush hududlarni obodonlashtirish davomida 100 ta bolalar maydonchalarini qurish, 2 ta yangi avtoturargoh barpo qilish, yo‘laklarning 100 000 metr kub qismini beton qoplamasi bilan ta’mirlash, 10 ming pogon metr irrigatsiya tizimini ta’mirlash rejalashtirilgan. Buning uchun mahalliy byudjetdan 20,8 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.
Toshkent shahri ko‘chalarini yoritish tizimini rivojlantirish va avtoxo‘jalik texnikalarini yangilash dasturlari amalga oshiriladi. Umumiy hisobda 1,047 ming kvadrat metr yo‘llar ta’mirlanadi.
Joriy yilda Bektemir, Olmazor, Shayxontohur, Yashnobod tumanlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalari qurish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Bektemir va Yashnobod tumanlarida maktab, Sergeli tumanida ko‘p tarmoqli shifoxona, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida oilaviy poliklinika, Sergeli va Olmazor tumanlarida yangi madaniyat markazlari qurilishi belgilangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga ana shu loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Davlat rahbari loyihalarning samaradorligi va ijtimoiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Ularning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.