Toshkentda Farg‘ona yo‘li ko‘chasini rekonstruksiya qilish ishlari doirasida eski tramvay yo‘li o‘rnida tezkor avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari davron Xidoyatov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. 21 fevral kuni ushbu loyiha boshqalari qatorida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan edi.

«Bu yerda avvallari tramvay yo‘li o‘tgan bo‘lib, bugungi kunda u demontaj qilingan. Hech qanday to‘siqlarsiz harakatlanadigan tezyurar metrobuslarni qo‘yish taklif qilinmoqda», — dedi hokim o‘rinbosari.

BRT (bus rapid transit -tezyurar avtobus) tarmog‘ining Toshkent avtomobil halqa yo‘lidan Kichik avtomobil halqa yo‘liga qadar davom etishi kutilmoqda. Ushbu uchastkaning umumiy uzunligi esa 6,6 km ni tashkil etadi.

«Gazeta.uz»da mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, boshqa yo‘nalishlarda ham BRT tarmoqlarini ishga tushirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.