Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni mahalla va oila masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishining boshida koronavirus muammosiga to‘xtalib o‘tdi. Prezident uchrashuvda koronavirus pandemiyasining O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha fikr bildirdi.

O‘zbekiston prezidenti oxirgi kunlarda jahon birjalarida neftning narxi (bir barrel 60 dollardan qariyb 30 dollarga) keskin pasayib ketgani mamlakatning gaz eksportidan tushumlari qisqarishi mumkinligi haqida aytdi.

«Xorijdagi asosiy savdo hamkorlarimizning milliy valyutalari qadrsizlanishi respublikamizga ham, albatta, valyuta tushumini kamaytiradi. Xorijiy turistlar soni va tushum miqdori kamayishi mumkin. Bular, tabiiyki, yalpi ichki mahsulot va eksport hajmiga ta’sir qilmasdan qolmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident topshirig‘iga muvofiq, maxsus ishchi guruh turizm, transport, farmatsevtika va yengil sanoat kabi sohalarga soliq ta’tillari berish, kreditlarni qaytarish muddatini kechiktirish, kechiktirilgan tashqi qarzdorlik uchun jarima qo‘llamaslik tartibini joriy qilish choralarini ko‘rayotganligi aytildi.