17 mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 62 ming 785 dona, umumiy qiymati 123 million 800 ming so‘mlik hech qanday sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan tibbiy niqoblar noqonuniy ravishda savdoga qo‘yilgani aniqlandi. Bu haqda poytaxt DSB matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida fuqaro Azimjon Abdullayev (ism familiyalar o‘zgartirilgan) Qorasuv-2 mavzesi Doniyor berk ko‘chasida hech qanday hujjatlarsiz, sifati kafolatlanmagan tibbiy niqoblarni savdoga qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Tadbir davomida A.Abdullayevdan jami 48 ming 960 dona, umumiy qiymati 93 mln so‘m bo‘lgan bir martalik tibbiy niqoblar vaqtincha olib qo‘yildi.

Mirobod tumanida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida hududdagi Mirobod dehqon bozoriga tutash vaqtincha avtomashinalar to‘xtash joyida yana bir fuqaro tomonidan hech qanday sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan jami 7000 dona, umumiy qiymati 10,5 mln so‘mlik tibbiy niqoblar noqonuniy savdoga qo‘yilgani aniqlandi.

Nazorat tadbirlari poytaxtning Shayxontohur tumanida ham o‘tkazildi. Hududdagi aholi gavjum joylarda o‘tkazilgan tadbirlar davomida 3 nafar fuqaro tomonidan jami 4850 dona, umumiy qiymati 14,3 mln so‘mlik tibbiy niqoblar noqonuniy ravishda savdoga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Ayni kunlarda Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan oziq-ovqat va zarur tibbiy vositalar narxlarining sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ham monitoring tadbirlari olib borilmoqda.

Jumladan, Sergeli tuman davlat soliq inspeksiyasining «Ishonch telefoni»ga hududdagi «Sergeli dehqon bozori» yonida joylashgan dorixonada narxlar asossiz ravishda oshirilgani, jumladan, tibbiyotda ishlatiladigan spirt odatdagidan qimmat sotilayotganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushdi.

Mazkur holatlar yuzasidan tuman davlat soliq xizmati xodimlari joyiga chiqqan holda sotuvchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazib, bu kabi holatlar takroran sodir etilgan taqdirda qonuniy choralar ko‘rilishi haqida batafsil tushuntirish berdi.