Toshkent viloyati IIBB Parkent tumani IIB xodimlari tomonidan Samarqand viloyatida karantinda bo‘lib turib, belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay qochgan shaxs ushlangan. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar bergan.

Ma’lumotga ko‘ra, 19 mart kuni Rossiya Federatsiyasining Samara shahridan O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan poyezd yo‘lovchilari, epidemik vaziyatdan kelib chiqib, o‘rnatilgan tartibda, Samarqand viloyatida tashkil etilgan karantin markazlariga joylashtirilgan.

Parkent tumanida yashovchi 1954 yilda tug‘ilgan fuqaro belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay karantindan qochgan. Ushbu shaxs IIB xodimlari tomonidan o‘z uyida ushlangan va ehtiyot chorasi sifatida izolatsiyaga olingan. Shuningdek, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 257−1-moddasi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Batafsil ma’lumot berilishi aytilgan.

IIBB epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortilishini eslatib o‘tgan.