O‘zbekiston hududida bo‘lgan xorijiy fuqarolarning viza muddatini joriy yilning 5 may sanasigacha avtomatik tarzda uzaytiriladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur qaror Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishida chet elliklarning mamlakatdan chiqib ketishlaridagi muammolarni inobatga olgan holda qabul qilindi.

Shuningdek, hujjatga ko‘ra, muayyan muddatga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar fuqarolariga ham (belgilangan muddat buzilgan taqdirda) istisno tarzida mamlakat hududidan chiqib ketishiga 5 mayiga qadar ruxsat beriladi.

Yuqoridagi holatlarda xorijiy mamlakatlar fuqarolariga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmaydi hamda jarima undirilmaydi. Transport vazirligi Tashqi ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda xorijiy fuqarolarning o‘z yoki uchinchi mamlakatga qaytishi uchun xarid qilingan Uzbekistan Airways aviachiptasi mavjud bo‘lgan taqdirda, ularning qaytib ketishi uchun tegishli reyslarini qo‘shimcha mablag‘ undirmagan holda tashkil etadi.