Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 145- bemor haqidagi ayrim ma’lumotlarni e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, infeksiyani yuqtirib olgan eng oxirgi bemor ushbu infeksiya sababli vafot etgan ikkinchi bemor bilan muloqotda bo‘lgan uning 14 yoshli jiyanidir. Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Tursunov ushbu fuqaro viloyatdagi Chiroqchi tumanida istiqomat qilishini tasdiqlagan.

Bemor ayni paytda Qarshi shahrida joylashgan Qashqadaryo viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

Bemorning holati o‘rta og‘ir darajada deb baholanmoqda. Bemor bilan muloqotda bo‘lgan yaqinlari va boshqa fuqarolar salomatligi ham qat’iy nazoratga olingan.

Shuningdek, ayni paytda yana ikki nafar qashqadaryolik bemor poytaxtdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 30 mart 10:00 holatida O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 1 taga oshib, 145 nafarni tashkil etmoqda.

20 nafar bemorda ayni vaqtda pnevmoniya kuzatilmoqda. 3 nafar bemorning ahvoli og‘ir, 2 kishining ahvoli esa nisbatan og‘ir. Yakshanba kuni 7 nafar bemor to‘liq sog‘ayib, shifoxonadan ruxsat berilgani, ular ayni damda reabilitatsiya markazida ekani xabar qilingan edi.