Ayni vaqtgacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlik holatlari soni 8 taga oshib, 158 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumot berdi.
Ushbu infeksiya 12 martda Turkiyada bo‘lib, kasalligi tasdiqlangan bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lgan 2 nafar namanganlik, ikkinchi marhum bilan yaqin muloqotda bo‘lgan asli navoiylik 2 nafar kishida, ya’ni ona va bolada, shuningdek, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 4 nafar toshkentlik fuqaroda aniqlangan.
Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekovning ma’lum qilishicha, hozirgi kunda 22 ta bemorda pnevmoniya alomatlari kuzatilmoqda, 6 nafar bemorning ahvoli og‘ir, ulardan 2 nafarining ahvoli nisbatan og‘ir deb baholanmoqda. Bugungi kunga kelib Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 90 mingdan ko‘proq O‘zbekiston fuqarolari tibbiy kuzatuv ostiga olingan.
«Ular orasidan ham kasallik chiqib qolish ehtimoli yo‘q emas. Shunday ekan, kasallik qo‘zg‘atuvchisi yurtimiz hududida aylanib yuribdi. Har birimiz ehtiyotimizni qilishimiz, ortiqcha muloqotga kirishishdan tiyilishimiz kerak», — dedi Otabekov.
Davlat bosh sanitariya inspektori muloqotlarni kamaytirganda, kasallik bir odamdan ikkinchi odamga yuqishining oldi olinishini eslatib o‘tdi. «Bu davr o‘tkinchi. Karantin tadbirlariga mas’uliyat bilan yondashaylik. Eng asosiysi, sabr-qanoat bilan tibbiyot xodimlarining tavsiyalariga amal qilish, uyda qolish orqali ushbu safarbarlik ishida faol ishtirok etaylik», — dedi u.