6 aprel kuni AQSHning Nyu-York shahrida 1969 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi R.X. koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish natijasida vafot etgan. Bu haqda O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumot berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, fuqaroda 22 mart kuni kasallikning birinchi alomatlari qayd etilgan. 2 aprel kuni uning salomatligi keskin yomonlashgan, kasalxonaga yotqizilib, o‘pkani sun’iy shamollatish apparatiga ulangan va sun’iy komaga tushirilgan.
Hozirda fuqaroning dafn marosimi tashkiliy masalalari hal etilmoqda.
Nyu-Yorkda koronavirusdan vafot etgan o‘zbekistonliklar soni 3 kishiga yetdi. Oldinroq Nyu-Yorkda istiqomat qiladigan ikki nafar fuqaro koronavirus qurboni bo‘lgan edi.
Tashqi ishlar vazirligi AQSHda bo‘lib turgan mamlakat fuqarolariga zarur holatlarda quyidagi raqamlar orqali bog‘lanish mumkinligini ma’lum qilgan:
O‘zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasi (tel: +1−202−887−5300 (ichki.1)) va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxona (tel: +1−212−754−7403).