Uchquduq tumanidagi konlardan birida oltin zarralari bo‘lgan toshlarni qazib chiqarayotgan 26 nafar shofirkonlikka jarima va ma’muriy qamoq jazolari tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Ushbu fuqarolarning 6 aprel kuni niqobsiz holda karantin tufayli belgilangan majburiy qoidalarini buzishgani hamda tegishli ruxsatnomasiz Uchquduq tumanidagi qo‘riqlanmaydigan konlardan tarkibida oltin zarrasi bo‘lgan toshlarni qazib chiqarayotgani aniqlandi.

Shuningdek, ular qochish haqida bir-biriga aytib, ichki ishlar organlari xodimlarining talablariga bo‘ysunmasdan voqea joyidan yashirinishga harakat qilishgan.

Sud berilgan ko‘rsatmalar, ashyoviy dallilar hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa hujjatlarga asoslanib, fuqarolarni aybdor deb topdi.