8 apreldagi kuchli shamol va qor Toshkentda 6968 ta daraxtga zarar yetkazgani hisoblab chiqildi. Bu haqda shahar Obodonlashtirish boshqarmasi «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, shahar bo‘ylab 745 ta daraxt tagidan qo‘porilgan bo‘lsa, 6223 daraxtning shoxlari singan.

Eng ko‘p shikastlangan daraxtlar Yunusobod tumanida aniqlangan — 2504 ta daraxt shoxlari singan, 244 tasi qulab tushgan. Mirzo Ulug‘bek tumanida 763 ta, Yashnobod tumanida 633 ta, Olmazor tumanida 560 ta, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontoxur va Mirobod tumanlarida 400 tadan ortiq daraxtlar talofat ko‘rgan. Bektemirda 68 ta, Yakkasaroyda 118 ta va Sirg‘ali tumanida esa 252 ta daraxt zarar ko‘rgan.

Tozalash ishlar hozircha faqat magistral yo‘llarda davom etmoqda, mahallalarda tozalash endi boshlanadi. Karantin sababli Toshkent viloyatida istiqomat qiladigan xodimlarning poytaxtga kira olmasligi bois 10 ming nafar ishchidan faqat 70 foizi tozalash ishlariga jalb qilingan.


8−9 aprel kunlari mahallalarda va 8 aprel kuni magistral yo‘llarda shikastlangan daraxtlar haqida ma’lumot. Manba: Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va Obodonlashtirish boshqarmasi «Gazeta.uz» uchun.

Bundan tashqari, boshqarma avtotransport harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlar sababli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar maxsus xizmat avtotransportidan foydalanishlari mumkin, lekin xodimlarning shaxsiy avtomobillari harakatlanishiga ruxsat berilmagan.

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari ham shu kabi qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. «Gazeta.uz»ga ma’lum qilinishicha, boshqarma hozirda to‘liq rejimda faoliyat olib bormayapti.

«Ko‘plab xodimlar uydan turib ishlashmoqda. Shahar bo‘yicha 59 ta inspektordan 37 tasi hozir ish faoliyatini davom ettirmoqda (qolganlar poytaxtga karantin sababli kira olishmayapti — tahr.), lekin avtotransportlarda harakatlanishga ruxsat berilmaganligi bois qiyinchiliklar yuzaga kelayapti», — dedi boshqarma boshlig‘i Nodir Yunusov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inspektorlar fuqarolar murojaatlari bo‘yicha joylarga yetib borishga harakat qilishmoqda, ba’zi hollarda piyoda borishga to‘g‘ri kelmoqda. Fuqarolar @EcoControl_bot telegram boti orqali o‘z murojaatlarini yuborishlari mumkin. Tadbirkorlar uchun esa e-ekologiya.uz tizimi ishga tushirilgan.

Nodir Yunusovning ma’lum qilishicha, singan daraxt shoxlari va qulagan daraxtlar obodonlashtirish boshqarmasida yig‘iladi. Hisobot tuzilgach, daraxtlar boshqarma balansiga o‘taziladi.

Oldinroq xabar berganimizdek, kuchli shamol va qor yog‘ishi boisi O‘zbekiston hududlarida elektr energiyasidan uzilish holatlari yuzaga keldi. «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 300 mingdan ortiq iste’molchi vaqtincha elektr energiyasisiz qolgan.

Foto

Foto: Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Foto: Toshkent shahridagi tumanlar hokimliklari matbuot xizmatlari.