Bugun O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Anvar Obidjon olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zA O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga tayanib xabar qildi.

Anvar Obidjon 1947 yil 8 yanvarda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tug‘ilgan edi. Shoir 1979 Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tugatgan.

Kitobxonlar shoirning «Ona Yer», «Bahromning hikoyalari», «Ey, yorug‘ dunyo…», «Olovjon va uning do‘stlari», «Ketmagil», «Masxaraboz bola», «Akang qarag‘ay Gulmat», «Juda qiziq voqea», «Dahshatli Meshpolvon», «Yerliklar», «Bulbulning cho‘pchaklari», «Odobli bo‘lish osonmi», «Tanlangan she’rlar», «O‘q o‘tmas bolakay yoxud oltin yurak», «Ajinasi yo‘q jinko‘chalar» kitoblarini yaxshi biladi.

U bolalar uchun ham, kattalar uchun ham ko‘plab qissa, she’r, doston, hikoya, pesalar yaratdi. Anvar Obidjonning dramaturg sifatidagi faoliyati 1983 yil «Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi» komediyasi Yosh tomoshabinlar teatrida sahnalashtirilganidan boshlangan. Anvar Obidjon «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, «Shuhrat» medali sohibi bo‘lgan.