Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqal’a tumani hokimligi tashkil etildi. Adliya vazirligining xabar qilishicha, bu prezidentning 11 apreldagi «Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqal’a tumanini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Qaror bilan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining Tuproqqal’a tumanidagi bo‘linmalari ro‘yxati hamda ushbu tumanni tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Respublika komissiyasi tumanni tashkil etish bilan bog‘liq zarur kompleks tashkiliy-texnik tadbirlar rejasini ishlab chiqadi, shuningdek yuzaga keladigan ijtimoiy masalalarning o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlaydi.
Tumanda qo‘shimcha shtat birliklari ajratilgan holda adliya bo‘limi va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, shuningdek davlat xizmatlari markazi tashkil etiladi.
2020 yil 1 sentyabrga qadar tuman markazining 2035 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, tumanning butun hududi uchun «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasida belgilangan imtiyoz va preferensiyalar amal qilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 23 mart kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisida Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqal’a tumanini tashkil etish hamda Hazorasp tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalasi ko‘rib chiqilgan edi. Pitnak shahri esa tuman markazi hisoblanadi.