Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq muqarrar cheklovlardan nafaqat kam ta’minlangan oilalar, balki juda ko‘pchilik aziyat chekmoqda. Butun boshli sohalar muzlatilgan holatda. Odamlar yashab qolishlari, ish joylarini yo‘qotmasliklari uchun davlat ularni imkon qadar tezroq moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi kerak. Odamlarni qo‘llab-quvvatlash orqali davlat iqtisodiyotga yordam beradi, deb yozadi iqtisodchi Botir Qobilov.

Mazkur maqolaning asosiy xabarlari:

  1. Ayni paytda biz qilishimiz kerak bo‘lgan eng yaxshi ish, bu hattoki iqtisodiyotning vaqtinchalik to‘xtab qolishini anglatsa ham, karantin va o‘z-o‘zini izolyatsiyalash choralariga qat’iy rioya etishdan iboratdir, chunki hozirgi vaqtda faqat shunday qilibgina koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish mumkin. Eng avvalo, bor diqqat-e’tiborimizni virusga qarshi «urush»da g‘alaba qozonishga qaratishimiz kerak. Ushbu bosqichda bu nafaqat hayotni saqlab qoladi, balki iqtisodiyotga yordam berishning ham eng yaxshi usuli hisoblanadi.
  2. Infeksiya tarqalishi ehtimoli hali yuqori bo‘lib turgan vaqtda qat’iy karantindan voz kechish virus tarqalish xavfini bartaraf etish uchun karantin choralariga amal qilishdan ko‘ra ko‘proq iqtisodiy zararlarga olib keladi.
  3. Davlat karantin paytida barcha fuqarolarga yo‘qotilgan ish haqi, shuningdek, oziq-ovqat, uy-joy va ma’lumot uchun yetarlicha kompensatsiya olishda yordam berishi kerak. Bu davlat sektoridagi barcha oylik ish haqlarini saqlash turish hamda xususiy sektor va yashirin iqtisodiyotda ham ishchilarga yo‘qotilgan daromadlar uchun kompensatsiya to‘lashni nazarda tutadi. Odamlarning o‘z ish joylarini saqlab qolishlari favqulodda muhim. Bunda tezkor harakatlanish hal qiluvchi ahamiyatga egadir.

Inson hayotini saqlab qolish — iqtisodiyotga yordam berishni anglatadi

Ba’zi davlatlar koronavirus pandemiyasiga qanday munosabatda bo‘lganlarini kuzatib, shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston hukumati tez va samarali ravishda birinchi javobni berishga, ustuvor vazifalarni belgilashga hamda karantin rejimini joriy etishga muvaffaq bo‘ldi — ayniqsa birinchi koronavirus holati aniqlangandan keyin. Ayni vaqtda, boshqa davlatlar, shu jumladan rivojlangan davlatlar, muammoni tan olishni ikki oy kutdi va hanuzgacha jamoat joylarida niqob taqishni majburiy qilib qo‘ya olmadilar.

Qat’iy karantin rejimi hamda jismoniy masofa saqlash va o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish amaliyotini oqlaydigan ushbu «egri infeksiya» chizig‘ining to‘g‘rilanish jadvaliga ko‘pchiligimizning ko‘zimiz tushgandir. Bu yerda ham asosiy maqsad uni yumshatish va iqtisodiy zararni cheklashdan iboratdir.

1-rasm. Egri pandemiyaning to‘g‘rilanishi. Jadvaldagi qizil rang sog‘liqni saqlash choralari ko‘rilmaganda, ko‘k — choralar ko‘rilganda kasallanish holatlarini, punktir — sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyatlarini ifodalaydi.

2-rasm. Retsessiya egriligining to‘g‘rilanishi. Ko‘k rangda makroiqtisodiy choralar ko‘rilgan, qizil rangda esa makroiqtisodiy choralar ko‘rilmagan sharoitda «retsessiya jiddiyligi» sohasi va egriligi ko‘rsatilgan. Manba: Iqtisodiyot professori P. O. Gurinchas tadqiqoti.

Hozirgi vaziyatda nima qilish kerak?

1. Davlat barcha ishchilarning o‘z ish joylarini saqlab qolishlari, ular ish turiga ko‘ra masofadan ishlayotgani yoki mutlaqo ishlamayotganidan qat’i nazar, oylik ish haqlarini olishda davom etishlarini ta’minlashi lozim. Ishchilar va ularning oilalari ovqatlanish hamda boshqa asosiy ehtiyojlarini qondirishlari lozim. Ishdan bo‘shatilish yoki yagona daromad manbaidan mahrum bo‘lish qandaydir moliyaviy yordamsiz juda og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

2. Davlat ko‘pgina korxonalar — barcha kichik va o‘rta korxonalarga bankrotga uchramasdan yashab qolishlari uchun yordam berishi kerak. Yordam ijara to‘lovlarini to‘lashni muzlatish yoki korxonalar uchun ijara to‘lovlarini qoplab berish, agar mulk shahar hokimiyatiga yoki davlatga tegishli bo‘lmasa, kommunal xizmatlar, kreditlar bo‘yicha foizlarni to‘lash va eng muhimi, o‘z xodimlariga ish haqini to‘lash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri naqd pul ko‘rinishidagi ko‘mak shaklida bo‘lishi mumkin. Keyinchalik, ushbu ikki yo‘nalishdagi ishlarni batafsil ko‘rib chiqamiz.

Iqtisodiy nuqtai nazaridan karantin hamda jismoniy masofalanish va o‘z-o‘zini izolyatsiyalash qancha kerak bo‘lsa shuncha davom etishi kerak.

Avvalo, kechagi, bugungi va ertangi harakatlarimiz aynan qachon infeksiya xavfi minimal darajaga tushishi hamda virusning «yo‘qolishini» belgilab beradi. Karantin choralarini bekor qilish hamda odamlar qachon odatiy ish va hayotga qaytishni boshlashi to‘g‘risidagi qaror qat’iy ma’lumotlar va faktlarga asoslanishi kerak.

Yetakchi iqtisodchilar nimani o‘ylashmoqda? Chikago universiteti muntazam ravishda dunyoning yetakchi iqtisod professorlari orasida muhim mavzular bo‘yicha o‘z fikrlarini bilish uchun so‘rovlar o‘tkazib turadi. Yaqinda o‘tkazilgan so‘rovda respondentlar ikkita tezis bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdilar:

1. Koronavirusga kompleks reaksiya infeksiya tarqalishi sezilarli darajada kamaymaguncha iqtisodiy faollikning keskin sekinlashuviga chidamlilikni ham o‘z ichiga oladi.

2. Infeksiyani yuqtirish ehtimoli yuqori bo‘lgan bir paytda qat’iy karantindan voz kechish, tarqalish xavfini yo‘q qilish uchun karantinni davom ettirishga qaraganda ko‘proq umumiy iqtisodiy zararga olib keladi.

3 va 4-rasmlar. AQSHdagi yetakchi universitetlarning 40 dan ortiq iqtisodchilari tomonidan 1 va 2-tezislar bo‘yicha bildirilgan fikrlarning foizli taqsimlanishi (Variantlar: «to‘la qo‘shilaman», «roziman», «qaror qilmadim», «qo‘shilmayman», «umuman rozi emasman».)

40 dan ortiq iqtisodchilarning hech biri bu ikki tezisga qarshi chiqmadi va har bir iqtisodchining ismlari, javoblari va sharhlarini ko‘rishingiz mumkin. Ta’kidlamoqchimanki, ushbu mavzu bo‘yicha iqtisodchilarning konsensusi noyobdir, chunki boshqa mavzularda iqtisodchilarning konsensusiga erishishlari odatda qiyin.

Odatiy retsessiyalar, masalan, biz 2008 yilda ko‘rgan inqirozdan farqli ravishda, bugun davlatning asosiy javobgarligi iqtisodiy faolligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri rag‘batlantirish va yo‘qotilgan daromadlar o‘rnini to‘ldirishdan iborat emas. Pandemiya paytida va undan keyingi iqtisodiy inqiroz, birinchi navbatda yalpi talabning pasayishi tufayli emas, balki umumiy taklifning ataylab pasaytirilishi natijasida ro‘y beradi.

Boshqacha qilib aytgancha, pandemiya vaqtida iqtisodiyot sun’iy koma fazasiga o‘tadi, «bemor»ga sog‘ayish uchun vaqt berish maqsadida «miya»ning ayrim vazifalari ongli ravishda o‘chiriladi. Bu holatda «bemor» — xalq, «miya» esa — iqtisodiyotdir.

Karantin tadbirlarining iqtisodiy oqibatlari qanday?

Aholining katta qismi daromad manbalarini yo‘qotadi (agar yo‘qotib ulgurmagan bo‘lsa), ishsizlik darajasi sezilarli darajada oshadi. Odamlarda yetarli darajada jamg‘armasi yo‘qligi sababli, birinchi va asosiy savol, bu — davlat yordamisiz qanday qilib omon qolish mumkinligi bo‘ladi. Ko‘plab kichik korxonalar va hatto ba’zi sanoat tarmoqlari davlat yordamisiz yo‘q bo‘lib ketadi.

Bularning barchasi davlat yordami, menimcha, ish haqini saqlab qolgan holda ish joylarini saqlab qolish, davlat sektoridan tashqarida ishlayotganlarga yo‘qotilgan daromadlar o‘rnini darhol qoplash mexanizmi va yashirin sektor ishchilariga naqd yordam berish shaklida bo‘lishi kerak.

Makroiqtisodiy nuqtai nazardan, ko‘plab qashshoq uy xo‘jaliklari uchun hayotan muhim daromad manbai bo‘lgan xalqaro pul o‘tkazmalari ko‘rinishidagi kapital miqdori 2020 yilda 50 foizga kamayishini kutish mumkin; turizm sohasi butunlay to‘xtadi; xalqaro kapital bozorlarida yangi qarz olish qiyinlashmoqda; eksport tushumi kamayadi; valyuta qadrsizlanmoqda va biz so‘nggi paytda ko‘p miqdorda olganimiz dollardagi qarzlarga xizmat ko‘rsatish qimmatga tushadi.

Shubha yo‘qki, ushbu inqiroz davrida juda katta ehtiyoj seziladigan sarmoyalar AQSH G‘aznachilik obligatsiyalari kabi nisbatan xavfsiz bozorlarga «yurmoqda». Bundan tashqari, pul o‘tkazmalari manbalari — mehnat muhojirlarimizning ma’lum qismi mamlakatga qaytdi va bu orqali mehnat bozorida qo‘shimcha bosim paydo bo‘ldi. Oltin va oziq-ovqat eksportiga talab yuqori darajada qolishi kerak. Oltin xavfsiz boshpana bo‘lib, inqiroz davrida uning narxi ko‘tarilish tendensiyasiga ega.

Davlatning moliyaviy yordam dasturi hajmi bir necha milliard dollardan oshishi mumkin. Eng kamtarona hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 10 foiziga teng miqdordagi mablag‘ faqatgina odamlarga yo‘qolgan ish haqi o‘rnini qoplash hamda biznes «muzlashi» uchun yetarlicha mablag‘ bilan ta’minlanishga sarflanadigan bo‘lsa, men bundan ajablanmayman.

Kim birinchi bo‘lib zarar ko‘radi va nima qilish kerak?

Qisqa qilib aytsak: aksariyat aholi zarar ko‘radi.

Men allaqachon pandemiya va karantin oqibatlaridan azob chekayotgan yoki yaqinda aziyat chekishni boshlaydigan odamlarning kasblari yoxud guruhlarini ajratib ko‘rsatishni istamas edim. Butun boshli tarmoqlar: turizm, dam olish, transport, xizmat ko‘rsatish muzlatilgan holatda. Taksi haydovchilari, ofitsiantlar, farroshlar va masofadan mehnat qila olmaydigan boshqa barcha ishchilar o‘zlarining yagona va kunlik daromad manbalaridan mahrum bo‘lib, shunchaki uyda qoldilar. Nafaqat kam ta’minlangan oilalar, balki juda ko‘pchilik aziyat chekmoqda.

Yaxshiyamki, ko‘pchilik vaziyatning jiddiyligini tushunib, xayriya, homiylik va volontyorlik orqali vaziyatni o‘nglashga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Biroq, agar kishi daromadning yagona manbasini yo‘qotgan yoki tez orada yo‘qotishi aniq bo‘lsa va karantin choralari bekor qilinganidan keyin oylik olgunga qadar yashashi uchun jamg‘armasi yetarli bo‘lmasa, nima qilishi kerak?

Bu — biz tezroq yechimini topishimiz va harakatni boshlashimiz kerak bo‘lgan eng muhim masalalardandir. Odamlar hozirning o‘zida yoki pullari tugagandan keyin ham o‘zlari va oilalarini boqishi, yashab qolishi kerak. Kelajakdagi soliq imtiyozlari, majburiy to‘lovlardan ozod qilish yoki ma’naviy ko‘mak ularga bugun hech qanday yordam bermaydi. Ularga pul, oziq-ovqat mahsulotlari va birlamchi ehtiyoj tovarlari lozim.

«Gazeta.uz» 2 aprel kuni Telegram foydalanuvchilari o‘rtasida anonim so‘rovnoma o‘tkazib, «Oylik daromadsiz qolsangiz, jamg‘armangiz qancha vaqtga yetadi?» deb so‘ragan edi.

44 foiz respondent jamg‘armalarining 1 oydan kam vaqtga yetishini ma’lum qilgan bo‘lsa, 37 foiz respondent hech qanday jamg‘armaga ega emasligini ko‘rsatdi. Shunday qilib, 92 foiz respondentlar ikki oydan ortiq vaqtga yetadigan jamg‘armaga ega emasligini belgiladi. Garchi so‘rovnomada 334 mingdan ortiq kishi qatnashgan bo‘lsa ham, u reprezentativ hisoblanmaydi, biroq respondentlarning o‘z jamg‘armalarini bunday baholashlari jiddiy xavotirlarni uyg‘otadi.

Hozir nima uchun odamlarning jamg‘armalari yetmasligi haqida o‘ylashning vaqti emas — kam oylik, yashash narxlarining qimmatligi, aholi moliyaviy savodxonligi darajasining pastligi yoki boshqa sababdan bo‘lishi mumkin. Aftidan, aholining katta guruhlariga moliyaviy yordam berilmasa bo‘lmaydi. Zero mamlakatdagi 60 foizga yaqin iqtisodiy faol ishchi guruhlari yashirin iqtisodda band bo‘lgan va aholining katta qismi ijtimoiy sug‘urtaga ega emas.

Barchaga, shu jumladan yashirin iqtisodda ishlayotganlarga ham naqd pul tarqatish — oddiy yechim. Nima uchun barchaga pul tarqatilishi kerak? Chunki qo‘llab-quvvatlash choralarini muhokama qilish, o‘ylab topish, ishlab chiqish va mablag‘larni maqsadli tarqatishga vaqt yo‘q.

Kichik biznes

Mamlakatimizda kichik biznesning iqtisodiyotdagi o‘rni beqiyos. 2018 yil holatiga ko‘ra, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning O‘zbekiston YAIMdagi ulushi 59 foizni, unda band bo‘lgan aholi ulushi esa 76 foiz yoki 10 mln kishidan ko‘proqни tashkil etdi.

Hozirda ko‘plab korxonalar ish haqi va boshqa xarajatlarini qoplash uchun yetarli likvidlikka ega emas, mavjud likvidlik faqatgina ushbu pandemiyada yashab qolishga kifoya qiladi xolos. O‘zbekiston bo‘yicha bunday ma’lumotlar mavjud emas, biroq bir misol keltirishga ruxsat bersangiz: AQSHda kichik korxonalarning yarmi qandaydir daromadlardan mahrum bo‘lib qolgan taqdirda 27 kunga qadar muddatga biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun pulli zaxira manbasiga ega. Chorak qism kichik korxonalar kamida 13 bufer kuni, restoranlar esa o‘rtacha 16 bufer kuniga zaxiralarni saqlaydi.

5-rasm. Kichik biznes barcha daromadlardan mahrum bo‘lgan taqdirda o‘zini-o‘zi qo‘llab-quvvatlay olishi mumkin bo‘lgan bufer kunlari soni. Manba: JPMorgan Chase instituti, 2015.

O‘zbekistonda bu kunlarning birmuncha qisqa ekanini taxmin qilish mumkin. Shu boisdan ayniqda hozirgi inqiroz sharoitida biznesni qo‘llab-quvvatlash va ishchilar oylik olishda davom etishini ta’minlash o‘ta muhim.

Agarda tezlik bilan harakat qilinmasa, retsessiya iqtisodiyotning mavjud bo‘lishini ta’minlab turgan murakkab iqtisodiy aloqalarning parokanda bo‘lishiga olib kelishi mumkin va qayta tiklash ko‘p vaqtni oladi. Masalan, korxonalar va hatto butun boshli tarmoqlarning nobud bo‘lishi uzoq muddatli xarajatlarga olib keladi: tadbirkorlar, ishchilar va mijozlar o‘rtasidagi munosabatlar buziladi va ular ko‘pincha noldan tiklanishi kerak bo‘ladi, bu esa iqtisodiyot uchun qimmatga tushadi.

Ishchilar uyda bo‘lib, korxonalar faoliyati to‘xtatilgan bir paytda, barchasini muzlatish, ishchilarning oylik olishlariga, korxonalarga esa hayot iziga tushganidan keyin iqtisodiyotga tezda «qo‘shilib olish"lari uchun yashab qolish hamda o‘z jamoasi va mijozlari ishonchini saqlab turishlariga imkon berish zarur.

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot hajmi, turli xil ma’lumotlarga ko‘ra, YAIMga nisbatan 40 foizdan 50 foizgachani tashkil etadi. Bular juda katta raqamlar bo‘lib, davlat odamlarning yo‘qotilgan daromadlarini naqd pulda, kartochkalarga o‘tkazish, hatto nomukammal bo‘lsa ham, har qanday mexanizm bilan kompensatsiya qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishi kerak.

Davla «so‘nggi to‘lovchi» sifatida

Aholi qo‘lida yetarlicha pul bo‘lib, pandemiya vaqtida yashab qolishi, o‘z ishini saqlab turishi, odamlar ishga qayta olishlari, kichik korxonalarni batamom yopilib ketishdan saqlab qolish uchun davlat «so‘nggi to‘lovchi» vazifasini o‘z zimmasiga olishi kerak. Amaliyotda bu zudlik bilan naqd pullarni ishchilar va korxonalarga berish kerakligini anglatadi.

Bu ahmoqona g‘oya emas, balki amalga oshirish mumkin bo‘lgan va mantiqiy chora. Qo‘shni Qozog‘istonda hukumat 42,5 ming tenge (taxminan 100 dollar) miqdorida ijtimoiy to‘lov shaklidagi yordamni ajratmoqda. Buyuk Britaniya har bir ishchiga ish haqining 80 foizini saqlab qolmoqda. Bu oyiga 2500 funt sterlinggacha demakdir.

Imtiyozli shartlar va foiz stavkalari pasaytirilgan kreditlar korxonalar va ishchilarga joriy davrdagi yo‘qotishlarni qoplamaydi; kreditlar shunchaki uzoq vaqt davomida xarajatlarni kamaytirishga imkon beradi xolos. Modomiki hozir biznes ishlamayotgani sababli pul tushumlaridan mahrum ekan, soliq imtiyozlari va foizli to‘lovlardan chegirmalar korxonalarning hozirgi sharoitda yashab qolishlariga yordam bera oladimi?

Korxona hech qanday daromad olmayotgan va yetarli hajmdagi «xavfsizlik yostiqchasi»ga ega bo‘lmay turgan bir vaqtda, biznesni soliqlarni pasaytirish va foiz stavkalari bo‘yicha to‘lovlar bilan ushlab turishning imkoni yo‘q.

Zero korxona pandemiya vaqtida ishlamayotganiga qaramasdan, oyliklarni to‘lashda davom etishdan tashqari, o‘z ijara to‘lovlari, kommunal to‘lovlar, qarzlar bo‘yicha foizlar hamda biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun hayotan zarur bo‘lgan boshqa xarajatlarni amalga oshirishi lozim.

Mamlakatimizda qariyb barcha narsa: banklar, kommunal korxonalar, ko‘chmas mulkning katta qismi davlatga tegishli bo‘lgani bois biznesdan ijara haqi, kreditlar bo‘yicha foizlar va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik to‘xtatib turish bugun (kelajakda emas) tezlik bilan amalga oshirilishi lozim va buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam deb hisoblash mumkin.

Avval ham ta’kidlanganidek, bu dastur iqtisodiyotni rag‘batlantirish sifatida ko‘rilmasligi kerak. Chunki karantin vaqtida biz odamlar bu pullarni bir joyga to‘planish yoki ishga qaytishga majbur qiladigan har qanday faoliyat yoxud iste’mol uchun sarflashlarini unchalik ham xohlamaymiz. Bu jismoniy masofa saqlash va o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish talablariga zid keladi.

Shuning uchun ham biz iqtisodiyotni qanday qilib rag‘batlantirish, qanday qilib avvalgi YAIM ko‘rsatkichlarini qaytarish, yo‘qotilgan resusrlarni qayta tiklashga diqqat qaratmasligimiz kerak. Buning o‘rniga odamlar och qolmasliklari uchun ularni tom ma’noda boqish kerak.

Kimning hisobiga?

Davlatning iqtisodiyotda katta ulushga ega bo‘lishi endi o‘zining ayrim salbiy oqibatlarini namoyon etishni boshlaydi. Xususiylashtirishni avvalroq amalga oshirganimizda edi, investorlarning turli toifalariga ega bo‘lgan kapital bozorlari faoliyat yuritayotganida edi, u holda xarajatlar, qaysidir darajada turli iqtisodiy agentlar o‘rtasida taqsimlangan bo‘lardi. Biroq bu — boshqa mavzu.

Xarajatlar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish, ayrim uzoq muddatli loyihalardan mablag‘larni ko‘chirish hamda sog‘liqni saqlash va yagona daromad manbaidan mahrum bo‘lganlarga moliyaviy yordam ko‘rsatishga ustuvor ahamiyat qaratish lozim.

Ayni vaqtda xalqaro moliya institutlari O‘zbekistonda yuqorida keltirilgan choralarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha moliyalashtirishning asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. O‘ylaymanki, ushbu mablag‘larni olishda eng muhimi, bu — pullarni tezroq va shaffoflik bilan ehtiyojmandlar qo‘liga yetkazishdir.

O‘quvchida mazkur masalada to‘plangan zaxiralarning (Markaziy bankning valyuta va oltin zaxiralaridan tashqari) o‘rni qanday ekani haqidagi savollar tug‘ilgan bo‘lishi mumkin. Muhim infratuzilma loyihalaridan tashqari, iqtisodiyotda kutilmagan tebranishlar sodir bo‘lganda favqulodda moliyalashtirish uchun muayyan miqdordagi mablag‘lar zaxirasi shakllantirilgan bo‘lishi kerak.

Majoziy qilib aytganda, «tishning kavagi»ga «qora kunlar» uchun deb pul tashlab qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha «qora kunlar» keldi.

Muallif fikri tahririyat fikriga mos kelmasligi mumkin.

Botir Qobilov

Iqtisodchi, Garvard universiteti doktoranti va ilmiy tadqiqotchisi. Dyuk universitetida (AQSH) iqtisod bo‘yicha magistr darajasiga ega. Ilgari u O‘zbekiston Markaziy bankida yetakchi iqtisodchi bo‘lib ishlagan.