O‘zbekiston prezidenti qarori bilan Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etildi. Bu davlat rahbarining 16 apreldagi «Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida o‘z aksini topgan.

Hujjatga ko‘ra, universitet, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotganini hisobga olib, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:

  • professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqib, ularning ish faoliyatini darslarga sifatli tayyorgarlik ko‘rishga va ilmiy salohiyatini kuchaytirishga qaratadi;
  • ilmiy loyihalarni bajarish jarayoniga iqtidorli talabalar, magistrantlar va doktorantlarni jalb qilishni kengaytiradi;
  • iqtidorli talabalar, magistrantlar va doktorantlarning ilmiy, innovatsion va startap loyihalarini tanlov asosida moliyalashtirish choralarini ko‘radi;
  • fakultetlar tarkibi va kafedralar yo‘nalishlarini ko‘rib chiqsin hamda ularning faoliyatini yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari tajribasi asosida qayta tashkil etadi;
  • ta’lim sifatini oshirish, o‘quv va ilmiy faoliyatni ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etish maqsadida nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari ishtirokida onlayn kurslar, ma’ruzalar va mahorat darslarini muntazam tashkil etadi;
  • professor-o‘qituvchilar va mas’ul xodimlar uchun, zarurat tug‘ilganda, tajribali mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida kredit-modul tizimiga o‘tish bo‘yicha seminar-treninglar turkumini tashkil qiladi;
  • nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda salmoqli ilmiy nashrlar e’lon qilgan, «ustoz-shogird» tamoyili asosida iqtidorli talabalar, magistrantlar, doktorantlar yoki yosh professor-o‘qituvchilar bilan hammualliflikda yuqori impakt-faktorli xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar chop etgan professor-o‘qituvchilarni rag‘batlantirish tizimini joriy etadi.

Qarorda 2020−2023 yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini kompleks rivojlantirish dasturini tasdiqlash belgilangan. Ushbu dasturdan quyidagilar o‘rin oladi:

  • o‘quv rejalarida amaliy va sayyor mashg‘ulotlarni o‘tkazishni kengaytirish, talabalarda amaliy kompetensiyalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan fanlarga ajratilgan soatlar ulushini oshirish;
  • ta’lim mazmunini kreativ fikrlash, innovatsion g‘oya va ishlanmalarni shakllantirishga xizmat qiluvchi ta’lim texnologiyalari bilan boyitish;
  • ilg‘or xorijiy tajriba asosida boshqaruv xodimlari va professor-o‘qituvchilar faoliyatini kompleks baholash indikatorlari asosida moddiy rag‘batlantirish tizimini yaratish;
  • Universitet salohiyatini bosqichma-bosqich oshirish maqsadida Universitet doktoranturasiga qabul kvotasini ko‘paytirish, yangi ixtisosliklar bo‘yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni tashkil etish;
  • professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalar uchun badiiy, ilmiy va o‘quv adabiyotlari elektron kataloglari hamda jahon ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, Universitetning xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini ta’minlash.

Universitet tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan:

  • sharq tillari bo‘yicha malakali tarjimonlarni zamonaviy usullar asosida amaliyot bilan uyg‘unlikda tayyorlashga qaratilgan Sinxron tarjima laboratoriyasi;
  • talabalarda mustaqil ta’lim kompetensiyalarini hamda sharq tillari bo‘yicha elektron ta’lim resurslarini shakllantirishga xizmat qiladigan zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan Multimedia markazi;
  • Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi;
  • Sharq mamlakatlarining rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga universitet bilan birgalikda:

  • Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahmud Zamaxshariy va boshqa ajdodlar tomonidan yaratilgan Sharq mamlakatlarining ijtimoiy-siyosiy hayoti, tili, madaniyati va tarixiga oid yozma manbalarni;
  • Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari tarixi, antropologiyasi, tili va adabiyoti, ijtimoiy-siyosiy jarayonlari, ichki va tashqi siyosatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish topshirildi.

Shuningdek, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutining Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, 20a-uy manzilida joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Universitetga operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz o‘tkazib berish hamda 2021 yil 1 avgustga qadar ushbu hududda университетнинг yangi 9 qavatli binosi va sport majmuasini qurish va foydalanishga topshirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, sharq tillari sohasida o‘rta bo‘g‘in professional kadrlarni tayyorlash, shuningdek, iste’dodli yoshlar seleksiyasini amalga oshirish maqsadida Namangan va Xiva shaharlarida sharq tillari bo‘yicha texnikumlar tashkil etiladi.