15 aprel kuni soat 21:00larda Toshkent viloyati Zangiota tumani «Turkiston» qishlog‘i hududida Naxia va Lacetti avtomobillari to‘qnashuvi sodir bo‘ldi.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, 1995 yilda tug‘ilgan haydovchi I.A. Nexia avtomobilini harakatlanish huquqini beruvchi maxsus stikersiz boshqarayotib, yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketgan. Oqibatda qarshisidan o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan haydovchi M.N. (1968 y.t.) boshqaruvidagi maxsus stikersiz Lacetti bilan to‘qnashuv sodir etgan.
To‘qnashuvda Nexia yonib ketgan va natijada, uning haydovchisi I.A. YTH joyida vafot etgan, ikkinchi yengil avtomobil yo‘lovchisi D.N. tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
IIV yo‘l harakati ishtirokchilaridan karantin vaqtida zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik hamda harakatlanganda «Yo‘l harakati qoidalari»ga amal qilishni yana bir bor so‘radi.