O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Andijon tumanida karantin cheklovlariga qaramasdan 500 nafardan ortiq byudjet tashkilotchilari ishchilarining majburiy mehnatga jalb etilgani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Vazirlik matbuot kotibi Shahnoza Ravshanovaning «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, 10−11 aprel kunlari yong‘oq ko‘chatlarini ekishga Andijon viloyati suv xo‘jaligi boshqarmasiga qarashli korxonaning 120 nafar ishchisi jalb qilingan.

Qayd etilishicha, ishchilar bu ish xizmat majburiyatiga kirmasa ham, ushbu yumushlarni bajarishga rozilik bildirgan. Biroq korxona rahbari tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmagan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi korxona rahbariga nisbatan Mehnat kodeksining 124 (ish vaqtidan tashqari ish) hamda 177- (ish beruvchining burchlari) moddalari talablari buzilgani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi (mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (1,115 mln so‘m) miqdorida jarima tayinlandi.

Andijon viloyati Suv xo‘jaligi boshqarmasi, «Andijon xududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ, «Andijon hududgaz» MCHJ, Andijon viloyati «Suvoqava» DUKda olib borilgan o‘rganishlar natijasida ishchilarni mehnatga jalb qilish holatlari aniqlanmadi.

Bundan tashqari adirlik hududida Andijon, Buloqboshi tumani Obodonlashtirish boshqarmalarining xaq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb etilgan xodimlari 2020 yil 13−15 aprel kunlari Obodonlashtirish ishlarida ishtirok etgani aniqlandi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.