Koronavirus aniqlangan bemor bronxopnevmoniya va o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 7 aprel kuni poytaxtlik 77 yoshli (ayol) A. surunkali bronxit, o‘ng o‘pka atelektazi, gipertoniya kasalligi bilan karantinga olingan. Zudlik bilan o‘tkazilgan tezkor diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda «Covid-19» koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan.

Shundan so‘ng unga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga o‘tkazilgan.

Biroq virusolog, pulmonolog, terapevt, kardiolog, reanimatologlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor 18 aprel kuni koronavirus infeksiyasi asoratlari: ikki tomonlama bronxopnevmoniyaning og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi va o‘pka shishidan vafot etdi.

O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etgan bemorlar soni 5 nafarga yetdi.