Poytaxtdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 2 nafar bemor butkul sog‘aydi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘ayganlardan biri 19 yoshli qiz Toshkentdan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan.

Ikkinchi bemor esa Rossiyadan charter reys orqali poytaxtga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi aniqlangach, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. So‘nggi tekshiruvlar ushbu bemorlarda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi.

Ayni paytga qadar mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 240 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.