Prezident Shavkat Mirziyoyev «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi. Bu haqda u 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilgan.
Davlat rahbari yig‘ilish avvalida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgan. Vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlash ko‘lamini yanada kengaytirish kerakligini ta’kidlagan.
Hozirgi pandemiya paytida ishsizlar, yordam va ko‘makka muhtoj aholi soni ortishi qayd etilgan. Shu maqsadda, Prezident «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surgan.
«Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq», — degan davlat rahbari.
Buning natijasida Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar manzilli bo‘lishi, iftorliklarga sarflanadigan mablag‘lar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam ta’minlangan qatlamlariga yo‘naltirilishi lozimligi ta’kidlangan.
«Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun, 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga ko‘maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a’zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan o‘z navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya’ni, bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari orqali ko‘rsatiladigan saxovat va ko‘mak bo‘ladi», — degan Shavkat Mirziyoyev.
Bu jarayonda yirik korxonalar, ularning joylardagi tarkibiy bo‘linmalari, fermerlar va klaster xo‘jaliklari ham ixtiyoriy qatnashishi muhim ekanligi ta’kidlangan. Ushbu tashabbus Savdo-sanoat palatasining joylardagi bo‘limlari, banklar, ijtimoiy muhofaza idoralari hamkorligida amalga oshirilishi belgilangan.
«Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylanishiga ishonaman, — deya ta’kidlagan Prezident.