Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan ham koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 10 nafar bemor butkul sog‘aydi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi. Ular mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning 3 nafari Moskva — Toshkent, 1 nafari Istambul — Toshkent yo‘nalishida charter reysda kelishgan va karantinga olingan. Qolgan 6 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan.

Bemorlardan 5 nafari erkak, 5 nafari ayollardir. Ulardan 9 nafari poytaxtimizdan, 1 nafari Xorazm viloyatidan. Ular orasida eng yoshi kattasi 62 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 11 yoshda. Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida shu paytga qadar 32 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 42 nafarga yetdi.

Hozircha bugungi kun davomida mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 344 nafarni tashkil etmoqda.