Koronavirus aniqlangan bemor yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

14 aprel kuni Namangan shahrida yashovchi Sh. yurak ishemik kasalligi, gipertoniya ikkinchi darajasi, aterosklerotik kardioskleroz, ikki tomonlama pnevmoniya va o‘tkir nafas yetishmovchiligi tashxisi bilan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

O‘tkazilgan tezkor diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda “Covid-19” koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan. 73 yoshli (erkak) bemorning shu kungacha kunlik ahvoli tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari nazoratida bo‘lgan. Ular tomonidan muntazam konsiliumlar o‘tkazib kelingan.

Biroq kardiolog, virusolog, pulmonolog, terapevt, reanimatologlarning belgilangan standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

O‘zbekistonda vafot etgan koronavirus bemorlari soni 6 nafarga yetdi.