Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan yana 13 nafari butkul sog‘aydi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Bemorlar sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘aygan bemorlarning 3 nafari erkak, 10 nafari ayollardir. Ulardan 11 nafari poytaxtimizdan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan 1 nafardan. Bemorlardan 1 nafari charter reysda Turkiyadan Toshkentga kelgan. Qolgan 12 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan.

Ular orasida eng yoshi kattasi 71 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi esa 2019 yilda tug‘ilgan.

Bir kun davomida koronavirusdan sog‘ayganlar soni 96 nafarga oshib, jami 357 nafarni tashkil etmoqda.