Toshkent shahri Buxoro, Xorazm va Namangan viloyatlarida jami 50 nafar koronavirus bemori sog‘aydi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Buxoro viloyatidan yana 15 nafar, Xorazm viloyatidan esa 4 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butkul sog‘aygan. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Buxoroda shifo topganlarning 7 nafari Rossiyadan, 4 esa Turkiyadan charter reyslar orqali viloyatga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Ulardan 11 nafari erkak, 4 nafari ayol.

Bemorlarning 6 nafari Toshkent shahridan, 3 nafari Buxoro va 2 nafari Surxondaryo viloyatidan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Andijon va Sirdaryo viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 16 yoshda.

Xorazm viloyatida esa tuzalganlarning barchasi Rossiyadan charter reys bilan kelishgan, koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Ulardan 3 nafari ayol, 1 nafari erkak bo‘lib, 2 nafari Buxoro viloyatidan, Samarqand va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 45 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 27 yoshda.

Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida bugun koronavirus infeksiyasiga chalingan yana 20 nafar bemor butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Tuzalganlarning barchasi Namangan shahridan bo‘lib, 19 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan, bir nafari Turkiyadan kelgan. Bemorlarning 7 nafari erkak, 13 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 67 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 5 yoshda.

Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 21 nafar bemor sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatilgan.

Shifo topganlarning 8 nafari Rossiyadan Toshkentga kelishgach, “Sokol” oromgohiga karantinga olingan, 1 nafari Fransiyadan, yana 1 nafari esa BAAning Dubay shahridan kelgan. Ularda koronavirus infeksiyasi aniqlangach, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Qolgan 11 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yutirib olgan.

Bemorlardan 11 nafari erkak, 10 nafari ayol. Ulardan 13 nafari poytaxtimizdan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridan 2 nafardan, Navoiy, Xorazm va Toshkent viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 67 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 11 yoshda.

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 334 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.