AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekistonda pandemiya sharoitida fuqarolarga bepul psixologik yordam ko‘rsatuvchi resurs ishga tushirilganligini olqishladi. Bu haqda «Yuksalish» umummilliy harakati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, AQSH davlat kotibi O‘zbekistonda «Yuksalish» umummilliy harakati va Qozog‘istonning ARGO tashkiloti bilan hamkorlikda AQSHning xalqaro rivojlanish agentligining (USAID) moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «Innovatsiyalar uchun hamkorlik» dasturi haqida iliq fikrlar bildirgan.

«Biz oiladagi zo‘ravonlik holatlariga jiddiy e’tibor qaratamiz, xorijda ko‘rsatilayotgan yordamlarimiz ham ushbu muammoni hal qilishga qaratilgan. COVID-19 koronavirus pandemiyasi oqibatida stress va bosimni his qilayotgan oilalarga yordam berish maqsadida O‘zbekistondagi mahalliy hamkorlar bilan ishlayotgan USAID jamoasi bilan faxrlanamiz», — deya ta’kidlagan Maykl Pompeo o‘z Twitter sahifasida.

Ushbu resurs «Yuksalish» umummilliy harakati, «Innovatsiyalar uchun hamkorlik» dasturi jamoasi, «Nihol» tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish markazi hamda ko‘plab psixolog va volontyorlar tomonidan ishga tushirilgan.

26 mart kuni «Yuksalish» umummilliy harakati volontyorlar va NNT vakillarini karantin davrida yordamga muhtojlarga ko‘maklashishga chaqirgan edi. Bunga javoban 7 aprel kuni bir guruh ko‘ngillilar tomonidan Telegram-kanali va bot ishga tushirildi.

Oldinroq O‘zbekistonda 10 apreldan boshlab xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida «Ishonch telefoni» xizmati yo‘lga qo‘yilganligi haqida xabar berilgan edi.