Oktyabrda O‘zbekistonda musavvir va naqqosh Kamoliddin Behzod (1455−1535) tavalludining 565 yilligi keng nishonlanadi. Kamoliddin Behzod xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent ko‘chalaridan biriga uning nomini beriladi. Bu prezident Shavkat irziyoyevning 21 apreldagi Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

15 sentyabrga qadar Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi xiyoboni zamonaviy qiyofada qayta tashkil etiladi va uning hududidagi Kamoliddin Behzod haykali 2022 yilda bronzaga o‘tkaziladi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar uchun Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etiladi.

Yosh iste’dodli ijodkorlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy san’ati asarlari ijodiy tanlovi tashkil etiladi va uni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib boriladi.

Oktyabrga qadar Kamoliddin Behzod hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film tayyorlanib, markaziy telekanallarda namoyish etiladi. Bundan tashqari, “O‘zbekiston zamonaviy miniatyurasi” katalogi tayyorlanadi.

Hujjatda Pavel Benkov nomini Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabiga berish to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.

Bundan tashqari, 2022 yil 1 sentyabrga qadar Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab-internatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va o‘quvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralari ko‘riladi.