Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan nodavlat notijorat tashkilotlarga (NNT) yengilliklar berilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligining rasmiy kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, NNTlarning chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlari, shuningdek, ularning qaramog‘idagi oila a’zolarining akkreditatsiya kartochkasining amal qilishi karantin davri muddatiga uzaytiriladi.

NNTlar koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bilan bog‘liq maqsadlar uchun chet ellik shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olishni kelishish bo‘yicha ariza berishsa, ularning murojaati uch ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, davlat mulkini ijaraga olgan NNTlar uchun karantin davrida ijara to‘lovi “nol” stavkada qo‘llaniladi.

Maxsus komissiya a’zolik badalini to‘lash majburiy bo‘lgan NNTlar uchun badallarni to‘lash muddati karantin davri muddatiga uzaytirilishini tavsiya qildi.