O‘zbekistonda yana 9 nafar koronavirusga chalingan bemor butunlay sog‘aydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 2 nafar, Surxondaryo viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan esa 1 nafar, Buxoro viloyatidan bugunning o‘zida yana 6 nafar, jami 9 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular mas’ullar ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning 1 nafari (ayol) 54 yoshda, Toshkent shahridan. Yana bir nafari (erkak) esa Toshkent viloyatidan, 25 yoshda. Ular koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan.

Surxondaryoda tuzalgan bemor (erkak) esa 31 yoshda bo‘lib, Sirdaryo viloyatidan. U joriy yil 27 mart kuni charter reys bilan Rossiyadan Termiz shahriga kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, Buxoro viloyatida sog‘ayganlarning 3 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Namangan viloyatidan bo‘lsa, 1 nafari Buxoro viloyatidan. Ularning yoshi kattasi 62 yoshda, eng yoshi kichigi esa 21 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi.

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar 495 nafarni tashkil etmoqda.

Avvalroq 23 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1716 nafarda saqlanib qolingani ma’lum bo‘lgandi.