Poytaxtdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 21 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 4 nafar, jami 25 bemor butkul sog‘aydi, deya Sog‘liqni saqlash vazirligining matbuot xizmati xabar berdi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning 15 nafari Toshkent shahridan, 6 nafari Toshkent viloyatidan. Ulardan 2 nafari Turkiyadan, yana 1 nafari Rossiyadan, yana 1 nafari Angliyadan kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 17 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 9 nafari erkak, 12 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 66 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning barchasi Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 1 nafari erkak, 3 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 72 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 28 yoshda.

E’tiborli jihati, 30 mart kuni koronavirusga chalingan 72 yoshli bemor juda og‘ir ahvolda mazkur klinikaga olib kelingan. Uzoq vaqt sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor fidoiy shifokorlarimizning samarali davolash muolajalaridan keyin infeksiyadan to‘liq tuzalgan bo‘lsa-da, boshqa hamroh kasalligi borligi sababli ixtisoslashgan shifoxonaga reabilitatsiya uchun o‘tkazildi.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlar 934 nafarni tashkil etmoqda.