30 apreldan boshlab Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan karantin cheklovlari yumshatildi.
Xususan, 30 aprel kuni soat 06:00 dan:
- fuqarolarga — ish joyiga borib kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi navbatda zarur bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilish uchun soat 07:00 dan 10:00 ga hamda 17:00 dan 20:00 ga qadar barcha turdagi shaxsiy va xizmat yengil avtotransport vositalari (yo‘lovchilar bilan birga), shu jumladan velosiped va mototransportlarda maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishga;
- fuqarolarga — shahar va tumanlardagi ko‘p qavatli uylarning bevosita oldida va ichki hovli hududlarida ijtimoiy masofani (oraliq masofa 2 metr) saqlagan va niqoblar taqilgan holda sayr qilishga, bunda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ota-onalarining hamrohligida sayr qilishga;
- oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari va professor o‘qituvchilariga — ilmiy ishlarni davom ettirish maqsadida laboratoriya va kafedralar faoliyatlarini tiklashga ruxsat berildi.
Shu o‘rinda, Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz” ga tasdiqlagan ma’lumotga ko‘ra, cheklovlar yumshatilishi taksi xizmatlariga ham taalluqli. Bunda IIV taksi hizmatlarini karantin tadbirlariga qat’iy rioya qilgan holda va куннинг ma’lum vaqtlarida yo‘lovchilarni olib yurishlariga chaqiradi.
“Barcha fuqarolarga yo‘lovchilar bilan birgalikda avtoulovda harakatlanish ruxsat etilishi munosabati bilan, biz „Mini“, „Ekonom“, „Komfort“ va „Biznes“ tarif rejalarini qayta ishga tushirganimizni sizlarga mamnuniyat bilan e’lon qilamiz! Endi siz MyTaxi xizmatlaridan kunning ma’lum bir qismlarida, ya’ni soat 07:00dan 10:00gacha va 17:00dan 20:00gacha bemalol foydalana olasiz”, deyiladi MyTaxi xabarida.