Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari viloyatda surunkali yomg‘ir oqibatlarini bartaraf etish bilan shug‘ullanishmoqda, deyiladi FVV matbuot xizmatining xabarida.
29 aprel kuni soat 16:10.dan soat 18:05 ga qadar viloyat hududida kuzatilgan surunkali yomg‘ir natijasida Samarqand shahrining Gala Osiyo, So‘zangaron, Mirzo Ulug‘bek, Shoxi Zinda, Tunikasozlar, Oybek va Izboskan ko‘chalari hududiga yig‘ilgan oqova suvlari chiqib ketishi, shuningdek jami 8 nafar fuqaroning hovlilari va ayrimlarining yerto‘lalariga suv kirgani kuzatildi.
Ma’lum qilinishicha, kelib tushgan murojaatlar asosida yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, FVBdan jami 6 ta maxsus texnika va 44 nafar shaxsiy tarkib, Obodonlashtirish boshqarmasi va “Suvoqava"DUK xizmatlaridan 8 ta texnika va 52 ta ishchi-xodimlar jalb qilinib, aholiga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, yig‘ilib kelgan oqova suvlari ariqqa sig‘masdan, Toshkent-Samarqand-Buxoro M-37A avtomobil yo‘lining 39−40 km.dagi yo‘l chetidan oqib tushishi natijasida uzunligi 2−3 metr, chuqurligi 1−1,5 metr va kengligi 0,6 metr yuvilish yuzaga kelgan. Ushbu holatni bartaraf etish maqsadida FVB, IIB, shahar Obodonlashtirish boshqarmasi hamda Avtoyo‘l bo‘limining kuch va vositalari jalb etilib, tegishli amaliy ishlar olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, M-37 avtomobil yo‘lining Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani hududidan o‘tuvchi 1046−1058 km.da Yuqori nuqta post maskani hududida surunkali yomg‘ir suvlari avtomobil yo‘liga chiqib ketishi kuzatildi. Shu sababli qatnov soat 17.04 dan soat 17.41 gacha vaqtincha bir tomonlama yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi. Hozirda IIB YHXB va FVB kuch va vositalari yordamida ushbu holat bartararf etilib, texnikalar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Xabarda ta’kidlanishicha, yog‘ingarchilik natijasida fuqarolar o‘rtasida jabrlanganlar to‘g‘risida ma’lumotlar kelib tushmagan. Viloyatning barcha shahar va tumanlari hokimliklari hamda FVDqTning doimiy tayyorgarlikdagi xizmatlari bilan vaziyat bo‘yicha axborot almashinuvi olib borilmoqda.