Prezident Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida karantin choralari yumshatiladigan hududlarni ajratish masalasini ko‘rib chiqdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar qildi.

Aniq mezonlar — kasallar soni va davolanish dinamikasi asosida baholangan sanitariya-epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda tuman va shaharlar “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga ajratib chiqiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga hokimiyatlar bilan birgalikda har bir tuman va shaharda karantin darajasini belgilab chiqish, joylardagi vaziyatning o‘zgarishiga qarab tezkorlik bilan ularni o‘zgartirib turish topshirildi. Pandemiya davrida 23 aprelda tasdiqlangan vaqtinchalik sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyena normativlariga rioya etilishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident o‘z faoliyatini qayta boshlagan korxonalarda sanitariya qoidalariga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishni topshirdi.

Avval xabar qilganimizdek, avtomobillar uchun ruxsat beruvchi stikerlar bekor qilinib, shaxsiy transportdan foydalanishga ruxsat beriladi. Respublika maxsus komissiyasi qaysi hududlarda va qanday shartlar bilan nooziq-ovqat mahsulotlari do‘konlari, taksilar, sartaroshxonalar va boshqa xizmat ko‘rsatish sohasi sub’ektlari faoliyatini qayta tiklash mumkinligini belgilaydi. Odamlar ommaviy to‘planadigan ob’ektlar bo‘yicha cheklovlar hozircha bekor qilinmaydi.

“Epidemiologik vaziyat yaxshilanishi bilan biz cheklovlarni bekor qilishda davom etamiz. Agarda vaziyat, aksincha, yomonlashsa, biz karantin choralarini qayta tiklaymiz”, — deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltirdi “O‘zbekiston 24” telekanali.