Surxondaryo mavjud epidemiologik vaziyat tufayli “sariq”, ya’ni o‘rta xavfli hududga kiritildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, viloyat bo‘yicha 6 may kuniga qadar 41 nafar shaxs koronavirus infeksiyasiga chalingani aniqlangan. Shu kungacha ularning 29 nafari kasallikdan butunlay sog‘aygan. 12 nafari ayni paytda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

Davolayotganlarning 6 nafari joriy yilning 28 mart kuni Moskva — Termiz yo‘nalishida charter reys bilan kelgan fuqarolar, 3 nafari kasallikka chalingan ushbu fuqarolarga xizmat ko‘rsatish jarayonida yuqtirib olgan vohadoshimiz, yana 3 nafari esa Rossiyadan tranzit yo‘nalishida viloyatga kirib kelgan yuk mashinalari haydovchilaridir. Ularning ahvoli qoniqarli, tibbiyot xodimlari tomonidan xalqaro stantdartlar asosida muolajalar olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Surxondaryo koronavirus infeksiyasiga chalinganlar ko‘rsatkichi bo‘yicha respublikada Toshkent shahri (668 nafar bemor), Buxoro viloyati (435), Xorazm viloyati (232), Namangan viloyati (230), Andijon viloyati (165), Farg‘ona viloyati (158),Samarqand viloyati (140), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (109)dan keyingi to‘qqizinchi o‘rinda turibdi.

Qashqadaryo viloyati esa epidemiologik vaziyatga ko‘ra “yashil” hudud sifatida belgilandi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev chorshanba kuni o‘z murojaatida 7 maydan boshlab Qarshida yo‘nalishsiz taksilarga ruxsat berilishini (yo‘lovchilar soni 3 kishidan oshmasligi kerak) ma’lum qildi. Bunda Damas va avtobuslarga hozircha ruxsat berilmaydi.

Sartaroshxonalar, savdo do‘konlari (mahsulotlar tashqariga yoyilmagan bo‘lishi kerak), shuningdek, mehmonxonalar (nonushtasiz) faoliyatga sanitariya qoidalariga rioya etilgan holda ruxsat beriladi.

Aholi mototsikl, skuter va velosipedlarda harakatlanishi mumkin. Qarshi ichida kunning har qanday vaqtida shaxsiy avtomobildan foydalanish mumkin, biroq haydovchining aniq maqsadi bo‘lishi kerak.

Avvalroq Samarqand va Namangan viloyatlari epidemiologik vaziyat bo‘yicha “qizil” hududga kiritilgani ma’lum qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, 5 may kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatdagi epidemiologik holatdan kelib chiqib, karantin qoidalari bosqichma-bosqich yumshatilishi bildirildi. Shuningdek, viloyat, tumanlar va shaharlar “qizil” (yuqori xavfli), “sariq” (o‘rta xavfli) va “yashil” (xavfsiz) hududlarga ajratilishi belgilandi.