Qirg‘iziston hukumati Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘prilishidan jabrlanganlarga insonparvarlik yordami yubordi, deya xabar berdi Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahri hokimligi matbuot xizmati.
Insonparvarlik yordami ortilgan poyezd Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi Ibragim Junusov va Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha vazirligi vakili kuzatuvi ostida Yangiyer shahrining “Yangi-Yangiyer” temiryo‘l stansiyasiga yetib keldi.
Stansiyada delegatsiyani viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi mas’ullar kutib oldilar.
Mazkur insonparvarlik yordamidan 1000 tonna sement, 100 tonna guruch va 10 tonna o‘simlik yog‘i o‘rin olgan.