Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar prokuraturasi 25 yoshli Z. Yuldashevning ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kaltaklab o‘ldirilgani haqidagi murojaat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 4 may kuni Quvasoyda istiqomat qiluvchi D. Yuldasheva shahar prokuraturasi ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, akasini o‘g‘rilikda gumon qilib kaltaklagan IIB xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Prokuratura ushbu murojaatni 5 may kuni ro‘yxatga olish kitobiga qayd etilgan. Tekshirish davomida fuqaro Z.Yuldashevning tanasida tan-jarohatlari bor-yo‘qligiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Farg‘ona filialiga sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Shuningdek, IIB xodimlarining xatti-harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlash haqida Farg‘ona viloyat IIBga taqdimnoma kiritilgan.

“Ozodlik” radiosi avvalroq marhumning qarindoshlari, shifoxona va huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbalariga tayanib, Yuldashevning IIB binosida kaltaklanganida umurtqa va dumg‘aza suyagi singani ortidan kasalxonada olamdan o‘tganini xabar qildi.

Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatlari “Gazeta.uz"ga ushbu xabarning haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qildi. Ular taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Z.Yuldashev hozirda tirik va Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasi huzuridagi tez yordam bo‘limida davolanmoqda.