11 may kuni Surxondaryoda fojiali yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar qildi.
16:30 da 36 yoshli A.R. boshqaruvidagi Lacetti Sho‘rchi tumani “Oqkamar” mahallasi hududidan o‘tuvchi 4K-592 avtomobil yo‘lining 6-kilometrida harakatlanib kelayotganida qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, ushbu yo‘nalishdan kelayotgan 38 yoshli K.A. boshqaruvdagi motoroller bilan to‘qnashgan.
Natijada motoroller haydovchisi K.A., tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.
Holat yuzasidan Sho‘rchi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.