Respublika maxsus komissiyasining 14-maydagi qarori bilan amaldagi karantin talablari 1-iyunga qadar uzaytirildi. Bu haqda “Koronavirus info” rasmiy Telegram kanalida xabar qilindi.
Shu bilan birga, 15-maydan boshlab quyidagi faoliyat turlariga ham ruxsat berilmoqda:
“qizil” toifadagi hududlarda:
- yakka tartibdagi hunarmandchilik;
- avtomobillarga va qishloq xo‘jalik mashinalariga texnik xizmat ko‘rsatish;
- elektron qurilmalarni (kompyuter va maishiy texnika vositalari) va aloqa vositalarini ta’mirlash;
- ijara va lizing xizmatlari;
- buxgalteriya sohasiga oid xizmatlar (auditorlik, soliq maslahati va boshqalar) ko‘rsatish;
“sariq” toifadagi hududlarda “qizil” toifadagi hududlarga qo‘shimcha ravishda:
- rieltorlik faoliyati;
- reklama va marketing faoliyati;
- xususiy bandlik agentliklari faoliyati;
- mehmonxonalarga o‘z oshxonalarida ovqat pishirish hamda xonalarga yetkazib berish;
- park va istirohat bog‘lari (attraksionalar, ko‘ngilochar ob’ektlar hamda tezkor ovqat tayyorlash nuqtalari faoliyati bundan mustasno) faoliyati. Bunda park va istirohat bog‘lariga kirish karantin talablariga qat’iy rioya qilgan holda soat 09−00 dan 20−00 ga qadar 2 nafar shaxsdan ko‘p bo‘lmagan guruhlarda (oilaviy guruhlar bundan mustasno) amalga oshiriladi;
“yashil” toifadagi hududlarda “sariq” va “qizil” toifadagi hududlarga qo‘shimcha ravishda:
- ochiq sun’iy qoplamali sport o‘yingoxlari (tashrif buyuruvchilar sonini cheklash sharti bilan, yechinish va yuvinish xonalaridan foydalanmagan hamda oraliq masofani saqlagan holda);
- kompyuter (skaner, nusxa ko‘chirish, matn terish, chop etish) va poligrafiya xizmatlari;
- muzeylar faoliyati (tashrif buyuruvchilar sonini cheklagan hamda oraliq masofani saqlagan holda);
- veterinariya xizmatlari;
- binolarga xizmat ko‘rsatish va landshaftni obodonlashtirish faoliyati.