Afg‘oniston siyosiy yetakchilarining kelishuvi mamlakatda siyosiy muzokaralarga hamda mustahkam va uzoq muddatli tinchlikka yo‘l ochadi, deya O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

Avvalroq xabar berilganidek, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va uning siyosiy raqibi Abdulloh Abdulloh bir necha oy davom etgan siyosiy kelishmovchilikdan keyin hokimiyatni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Unga ko‘ra, Afg‘onistonda siyosiy hokimiyatni Ashraf G‘ani va Abdulloh Abdulloh o‘rtasida teng ravishda (50/50) taqsimlash ko‘zda tutilgan. Xususan, Ashraf G‘ani prezident maqomini saqlab qoladi va Abdulloh Abdulloh esa Afg‘oniston Oliy milliy yarashuv kengashi raisi bo‘ladi. Ular Vazirlar mahkamasi tarkibini tanlashda ham teng huquqqa ega bo‘lishadi.

“O‘zbekiston Afg‘onistonning siyosiy yetakchilari tomonidan inklyuziv hukumat va Milliy yarashuv bo‘yicha Oliy kengashni tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvga erishilganini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, umid qilamizki, ushbu muhim qarorlar qo‘shni Afg‘onistonda siyosiy muzokaralarga hamda mustahkam va uzoq muddatli tinchlikka yo‘l ochadi”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligining bayonotida.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Afg‘oniston xalqi bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda, afg‘onlararo siyosiy jarayonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda hamda tinch va farovon Afg‘onistonni barpo etish uchun har jihatdan yordam berishda davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu siyosiy inqiroz Afg‘onistonda 2019 yili o‘tkazilgan bahsli prezident saylovlari oqibatida paydo bo‘lgan edi. Saylovlarning natijasi fevral oyida e’lon qilinib, unda Ashraf G‘ani qichiq farq bilan g‘olib chiqqan edi. Saylovdagi mag‘lubiyatini tan olmagan bosh vazir Abdulloh Abdulloh davlat rahbari sifatida shu kuni o‘zida prezidentlik inauguratsiya marosimini o‘tkazgan. Ikki kundan so‘ng Ashraf G‘ani Abdulloh Abdulloh egallab turgan ijroiya hokimiyati rahbari lavozimini bekor qilgan va shu vaqtdan beri Afg‘oniston siyosiy noaniqlikda edi.